2025-yil 28-avgustdan 1-sentabrgacha Madrid shahrida dunyodagi eng yirik va nufuzli yurak-qon tomir tibbiyoti anjumanlaridan biri - Yevropa Kardiologlar Jamiyati Kongressi (ESC Congress 2025) bo‘lib o‘tdi. Unda Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi delegatsiyasi, markaz direktori professor B.A. Alyavi boshchiligida, munosib tarzda ishtirok etishdi. Delegatsiya tarkibiga markazning Reabilitatsiya laboratoriyasi rahbari J.K. Uzokov, shuningdek, grant ilmiy xodimi Sh.K. Muminovlar o’rin oldi.
Kongress davomida professor Alyavi turli davlatlarning taniqli professorlari va tibbiy tashkilotlar rahbarlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazib, hamkorlikni mustahkamlash hamda hamkorlik memorandumlarini tayyorlash istiqbollarini muhokama qildi. Shuningdek, delegatsiya faoliyatining muhim voqealaridan biri - Reabilitatsiya laboratoriyasi hamda xalqaro grant rahbari J.K. Uzokovning ikkita ilmiy ma’ruza bilan chiqish qilishi bo‘ldi. Uning ma’ruzalari xalqaro kardiologiya hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otdi.
Markaz delegatsiyasining ushbu nufuzli xalqaro forumdagi ishtiroki O‘zbekiston ilm-fan yutuqlarini jahon maydonida namoyish etish, ilmiy tajriba almashish va kardiologiya hamda tibbiy reabilitatsiya sohasida yangi rivojlanish yo‘nalishlarini belgilashda muhim qadam bo‘ldi.