Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi kardiologiya fani va innovatsiyalar sohasida yetakchi muassasa sifatidagi o‘z pozitsiyasini mustahkamlab bormoqda. Jahon banki guruhi va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan PRIM 01-28 loyihasi doirasida Markazimiz ilmiy izlanishlar, ta’lim va bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishda zamonaviy yondashuvlarni faol joriy etmoqda.
2025-yil 14 - 17-avgust kunlari Reabilitatsiya laboratoriyasi rahbari, PRIM loyihasining ilmiy rahbari PhD Jamol Uzokov hamda PRIM loyihasi tadqiqotchisi PhD Baxodir Nigmonov O‘zbekistonni Avstraliya va Yangi Zelandiya Kardiologiya Jamiyati (CSANZ)ning 73-yillik ilmiy anjumani va Xalqaro Yurak Tadqiqotlari Jamiyatining (ISHR) 49-yillik ilmiy anjumanida, Brisben shahrida munosib ravishda namoyon etdilar. Ularning ishtiroki Markazimizning so‘nggi ilmiy natijalarini taqdim etish, jahon ekspertlari bilan tajriba almashish va markaz modernizatsiyani rivojlantirishga xizmat qiluvchi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratildi.
Dastur doirasida PRIM loyihasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan ikki tadqiqot taqdim etildi. Ma’ruza – “Yurak ishemik kasalligi bo‘lgan bemorlarda kam uglevodli ovqatlanish rejimining klinik biomarkerlarga samarasi” nomli tadqiqot teri orqali koronar aralashuvdan keyingi bemorlarda glikemik nazorat, lipid profili va tizimli yallig‘lanish ko‘rsatkichlarida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarni namoyish etdi. Poster taqdimoti - “Yurak ishemik kasalligi bo‘lgan bemorlarda elektrokardiogrammada ishemik o‘zgarishlarni aniqlashda sun’iy intellektning o‘rni” innovatsion algoritmni taqdim etdi hamda raqamli sog‘liqni saqlash sohasidagi mutaxassislar va sanoat vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Ilmiy natijalarni e’lon qilishdan tashqari, Kvinslend universiteti, Beyker Yurak va Diabet Institutlari hamda Yangi Zelandiya tadqiqotchilari bilan uchrashuvlar ikki tomonlama manfaatli bo‘lgan qo‘shma tadqiqotlar va kelgusidagi grant hamkorliklari muhokama qilindi. Personallashgan tibbiyot, sun’iy intellekt va reabilitatsiya bo‘yicha olingan bilimlar markaz salohiyatini oshirishda kata ahamiyatga ega.
CSANZ va ISHR 2025 dagi ishtirok O‘zbekiston kardiologik tadqiqotlarining xalqaro ahamiyatini tasdiqlaydi va bemorlarga tibbiy yordamni takomillashtirish hamda ilmiy innovatsiyalarni rivojlantirishga qaratilgan missiyamizni qo‘llab-quvvatlaydi.